MAXFIYLIK SIYOSATI
“Chaqqon Med” shifokorlar bilan onlayn maslahat olish uchun raqamli platformasi
“CONSCIOUSNESS” MChJ
“Consciousness” Mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda – “Administrator”, “Kompaniya” yoki “Biz”) ushbu Maxfiylik siyosatini (keyingi o‘rinlarda – “Siyosat”) “Chaqqon Med” raqamli platformasi (keyingi o‘rinlarda – “Platforma”) Foydalanuvchisining shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqdi.
Ushbu Siyosat “Chaqqon Med” Platformasi foydalanuvchilari uchun Ommaviy ofertaning (keyingi o‘rinlarda – “Oferta”) ajralmas qismi hisoblanadi va u bilan birgalikda talqin qilinishi lozim. Ushbu Siyosatda belgilanmagan atamalar Ofertada belgilangan ma’noda qo‘llaniladi. Ushbu Siyosat va Oferta o‘rtasida shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga oid ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda, Oferta qoidalari ustunlikka ega bo‘ladi.
Platforma faqat vositachilik (texnik) funksiyasini bajaradi – Foydalanuvchiga video-, audio- yoki matnli aloqa orqali Vrach bilan bog‘lanish va undan pullik onlayn-maslahat olish imkoniyatini ta’minlaydi. Administrator tibbiy xizmat ko‘rsatmaydi va tibbiy tashkilot hisoblanmaydi.
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu Siyosat O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘RQ – 547), “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga, shuningdek boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. Administrator shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlovchi (operator) hisoblanadi. Administrator rekvizitlari ushbu Siyosatning 15-bo‘limida ko‘rsatilgan.
1.3. Ushbu Siyosat Platformaning barcha xizmatlariga, jumladan “Chaqqon Med” veb-sayti va mobil ilovasiga, shuningdek ular orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarga tatbiq etiladi.
1.4. Ushbu Siyosat faqat Foydalanuvchining Administrator bilan shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga oid munosabatlariga tatbiq etiladi. Foydalanuvchining Vrachlar va Hamkorlar bilan munosabatlari ular bilan alohida tuziladigan oferta (shartnoma)lar bilan tartibga solinadi.
1.5. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq, Platformadan foydalanishni boshlash Foydalanuvchining ushbu Siyosat shartlariga to‘liq va so‘zsiz roziligini (akseptini) bildiradi. Agar Foydalanuvchi Siyosat shartlariga rozi bo‘lmasa, u Platformadan foydalanishni darhol to‘xtatishi shart.
2. ATAMALAR VA TA’RIFLAR
2.1. “Foydalanuvchi” – Ofertaga qo‘shilgan va Platformadan foydalanuvchi muomalaga layoqatli jismoniy shaxs, shu jumladan voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili sifatida (Oferta 2.10-bandi).
2.2. “Vrach” – O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tibbiy faoliyat yuritish huquqini beruvchi oliy tibbiy ma’lumotga va amaldagi mutaxassis sertifikati va/yoki litsenziyasiga ega, Foydalanuvchiga pullik onlayn-maslahat berish maqsadida Platformada ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxs.
2.3. “Shaxsga doir ma’lumotlar” – aniq yoki aniqlanadigan Foydalanuvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita tegishli bo‘lgan har qanday ma’lumot, jumladan ushbu Siyosatning 3.1-bandida sanab o‘tilgan ma’lumotlar (Oferta 8.2-bandi).
2.4. “Tibbiy ma’lumotlar” – Foydalanuvchining sog‘lig‘i holati, tashxislari, murojaatlar tarixi, maslahatlar doirasida olingan natijalar va vrachlik sirini tashkil etuvchi boshqa ma’lumotlar. Ular alohida himoyalanadigan ma’lumotlar toifasiga kiradi.
2.5. “Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash” – shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, yozib olish, tizimlashtirish, to‘plash, saqlash, aniqlashtirish (yangilash, o‘zgartirish), chiqarib olish, foydalanish, uzatish (taqdim etish, kirish huquqini berish), anonimlashtirish, bloklash, o‘chirish, yo‘q qilish (Oferta 8.4-bandi).
2.6. “Uchinchi shaxs” – Administrator, Foydalanuvchi, Vrach va Hamkordan tashqari, Administrator tomonidan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun jalb qilingan har qanday shaxs yoki tashkilot.
2.7. Boshqa atamalar (“Administrator”, “Platforma”, “Shaxsiy kabinet”, “Elektron to‘lov” va h.k.) Oferta 1-bo‘limida belgilangan ma’noda qo‘llaniladi.
3. QANDAY MA’LUMOTLAR YIG‘ILADI
3.1. Platformadan foydalanish doirasida Administrator Foydalanuvchining quyidagi shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlaydi (Oferta 8.2-bandi):
a) familiyasi, ismi, sharifi;
b) tug‘ilgan sanasi, yoshi, jinsi;
d) telefon raqami va elektron pochta manzili;
e) PINFL (Foydalanuvchini identifikatsiya qilish zarur bo‘lganda);
f) sog‘liq holati va tibbiy ko‘rsatkichlar – ko‘rsatilgan maslahatlar doirasida olingan natijalar;
g) Platforma funksiyalaridan foydalanish statistikasi;
h) Vrachlar va Hamkorlar bilan tuzilgan oferta va bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
i) buyurtma qilingan va (yoki) to‘langan xizmatlar, shuningdek to‘lovlar va ularning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
j) Shaxsiy kabinetdagi Foydalanuvchi identifikatori;
k) Foydalanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda taqdim etiladigan boshqa ma’lumotlar, jumladan Platforma orqali joylashtiriladigan tibbiy hujjatlar, fotosuratlar va fayllar.
3.2. Foydalanuvchi Platforma orqali tibbiy hujjatlar va boshqa materiallarni joylashtirar ekan, ularni faqat Platformaning faoliyat yuritishi doirasida va ushbu Siyosatning 4-bo‘limida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun Administratorga bepul va muddatsiz foydalanish huquqini beradi (Oferta 3.3-band “v” qismi).
3.3. Avtomatik ravishda yig‘iladigan ma’lumotlar:
a) qurilma haqida ma’lumotlar: modeli, operatsion tizimi, brauzer turi va versiyasi;
b) tarmoq ma’lumotlari: IP-manzil, internet aloqasi turi;
d) Platformadan foydalanish ma’lumotlari: tashrif buyurilgan sahifalar, amalga oshirilgan harakatlar, sessiya vaqti – jumladan Oferta 8.3-bandida ko‘rsatilgan anonim ma’lumotlarni yig‘ish maqsadlarida;
e) cookie fayllari va shunga o‘xshash texnologiyalar – batafsil ma’lumot 11-bo‘limda keltirilgan.
3.4. Uchinchi shaxslardan olinadigan ma’lumotlar (Oferta 8.7-bandi):
a) Vrachlar va Hamkorlardan – Foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish uchun zarur va ushbu Siyosatning 3.1-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlar;
b) to‘lov tizimlaridan – amalga oshirilgan tranzaksiyalar tasdig‘i;
d) ijtimoiy tarmoqdagi hisob orqali ro‘yxatdan o‘tishda – tegishli xizmat tomonidan taqdim etilgan ism, profil surati va elektron pochta manzili.
4. MA’LUMOTLARNI QAYTA ISHLASH MAQSADLARI
4.1. Administrator Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini faqat quyidagi maqsadlarda qayta ishlaydi (Oferta 8.5-bandi):
a) Foydalanuvchining Platforma va Shaxsiy kabinetdan foydalanishini ta’minlash;
b) Foydalanuvchini identifikatsiya qilish;
d) Foydalanuvchiga Platforma va xizmatlar bilan bog‘liq xabarlarni yuborish;
e) Foydalanuvchining Vrachlar bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
f) Platforma sifatini oshirish va undan foydalanish qulayligini yaxshilash;
g) Administrator va Foydalanuvchi, Foydalanuvchi va Vrach o‘rtasida oferta va bitimlarni tuzish va bajarish;
h) Foydalanuvchi yuklagan hujjatlarni elektron shaklga aylantirish va olingan ma’lumotlarni taqdim etish;
i) Foydalanuvchiga Platforma xizmatlari bo‘yicha shaxsiylashtirilgan tavsiyalar berish (Oferta 2.15-bandi);
j) qonunchilik talablarini bajarish va Administratorning huquqiy manfaatlarini himoya qilish, jumladan vakolatli davlat organlarining qonuniy so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni taqdim etish.
4.2. Administrator Foydalanuvchining shaxsga doir va tibbiy ma’lumotlarini Platformaning faoliyat yuritishi bilan bog‘liq bo‘lmagan, jumladan ushbu Siyosatning 5.3-bandida sanab o‘tilgan maqsadlarda ishlatmaydi.
5. TIBBIY MA’LUMOTLARNI QAYTA ISHLASHNING MAXSUS TARTIBI
Tibbiy ma’lumotlar maxsus toifadagi ma’lumotlarga kiradi va kuchaytirilgan himoyaga muhtoj.
5.1. Tibbiy ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq vrachlik sirini tashkil etadi va yuqori darajadagi himoya bilan qayta ishlanadi.
5.2. Administrator va Vrach tibbiy ma’lumotlarni faqat quyidagi hollarda qayta ishlaydi:
a) Foydalanuvchi bunday ma’lumotlarni maslahat olish uchun ixtiyoriy ravishda taqdim etgan bo‘lsa (Oferta 7.4-bandi);
b) Vrach ma’lumotlardan maslahat berish maqsadida foydalansa;
d) qayta ishlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunchilikda nazarda tutilgan bo‘lsa – va faqat zarur hajmda.
5.3. Tibbiy ma’lumotlar hech qanday holatda quyidagi maqsadlarda ishlatilmaydi:
a) reklama yoki marketing, jumladan anonim shaklda ham;
b) Foydalanuvchining alohida xabardorligi va roziligisiz sug‘urta kompaniyalariga uzatish;
d) ushbu Siyosatning 6-bo‘limida ko‘rsatilmagan ish beruvchilar yoki boshqa uchinchi shaxslarga oshkor qilish;
e) Foydalanuvchining alohida roziligisiz ilmiy tadqiqotlarda foydalanish.
5.4. Tibbiy ma’lumotlar alohida shifrlash va kirishni nazorat qilish tizimi qo‘llanilgan holda saqlanadi.
5.5. Tibbiy ma’lumotlarga kirish Administrator xodimlari va Vrachlarga faqat xizmat zarurati mavjud bo‘lgan taqdirdagina beriladi.
6. MA’LUMOTLARNI UCHINCHI SHAXSLARGA UZATISH
6.1. Administrator Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini quyidagilarga uzatadi (Oferta 8.7–8.8-bandlari):
a) Vrachlarga – faqat Foydalanuvchiga onlayn-maslahat berish maqsadida va faqat zarur hajmda;
b) Hamkorlarga – Oferta ijrosi va Platformaning faoliyat yuritishi uchun zarur hajmda va shartlarda;
d) to‘lov tizimlariga – to‘lovlarni qayta ishlash va mablag‘larni qaytarish maqsadida (Oferta §5); Administrator Foydalanuvchining bank kartasi to‘liq rekvizitlarini saqlamaydi;
e) texnik xizmat ko‘rsatuvchilarga (cloud xizmatlari, SMS operatorlari, push-bildirishnoma tizimlari) – Administrator topshirig‘iga ko‘ra ma’lumotlarni qayta ishlovchi sifatida;
f) Administrator topshirig‘iga ko‘ra shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlovchi boshqa shaxslarga – ushbu Siyosatning 4-bo‘limida ko‘rsatilgan maqsadlarda.
6.2. Administrator shaxsga doir ma’lumotlarni quyidagi hollarda ham uzatishi mumkin:
a) vakolatli davlat organlarining (sud, prokuratura, soliq organlari) qonuniy talabiga asosan;
b) Administrator yoki Foydalanuvchilarni firibgarlik va huquqbuzarliklardan himoya qilish maqsadida;
d) Administrator qayta tashkil etilganda – faqat ushbu Siyosat doirasida.
6.3. Administrator ushbu bo‘limda ko‘rsatilmagan uchinchi shaxslarga Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini Foydalanuvchi roziligisiz sotmaydi, ijaraga bermaydi va oshkor qilmaydi.
6.4. Administrator quyidagi hollarda yuzaga keladigan noxush oqibatlar xavfi uchun javobgar emas (Oferta 8.13-bandi):
a) axborot xavfsizligini buzishga qaratilgan uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari;
b) kod xatolari, kompyuter viruslari yoki Platformadagi boshqa begona kod fragmentlari tufayli yuzaga kelgan nosozliklar;
d) Foydalanuvchi qurilmasi va Platforma joylashtirilgan server o‘rtasidagi internet aloqasining yo‘qligi yoki uzilishi;
e) vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruvlar;
f) internet tarmog‘idagi tijorat faoliyatini tartibga soluvchi organlar tomonidan qo‘yiladigan cheklovlar.
7. MA’LUMOTLARNI SAQLASH MUDDATLARI
7.1. Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlari Oferta amal qilishining butun davomida, ya’ni Foydalanuvchining Shaxsiy kabineti amal qilgan davrda qayta ishlanadi (Oferta 8.11-bandi).
7.2. Zarurat tugagach, ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda quyidagi muddatlarda saqlanadi:
a) Shaxsiy kabinet ma’lumotlari – u o‘chirilganidan keyin 1 (bir) yil davomida, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa;
b) tibbiy ma’lumotlar – O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tibbiy hujjatlarni saqlash muddatlari davomida;
d) to‘lov ma’lumotlari – to‘lovlar va moliyaviy hisobot to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq 5 (besh) yil davomida;
e) texnik (log) ma’lumotlar – 1 (bir) yil davomida;
f) marketing xabarlarini olishga rozilik to‘g‘risidagi ma’lumotlar – rozilik bekor qilingunga qadar.
7.3. Agar Foydalanuvchi shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashni to‘xtatish to‘g‘risida talab bildirsa, Oferta Foydalanuvchi tomonidan bekor qilingan hisoblanadi va Administrator Oferta 2.14-bandida nazarda tutilgan tartibda Shaxsiy kabinetni o‘chiradi (Oferta 8.11, 8.14-bandlari).
7.4. Saqlash muddatlari tugagach, ma’lumotlar qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada o‘chiriladi yoki anonimlashtiriladi.
7.5. Barcha ma’lumotlar, jumladan tibbiy ma’lumotlar, faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanadi va qayta ishlanadi (ushbu Siyosatning 9-bo‘limi).
8. FOYDALANUVCHI HUQUQLARI
8.1. O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga va Oferta 8.9-bandiga muvofiq Foydalanuvchi Administratorga quyidagilarni talab qilib murojaat qilish huquqiga ega:
a) shaxsga doir ma’lumotlari to‘liq bo‘lmasa, eskirgan yoki ishonchsiz bo‘lsa – ularni aniqlashtirish (yangilash, o‘zgartirish);
b) o‘zi haqida qanday ma’lumotlar saqlanayotgani va qayta ishlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot olish (kirish huquqi);
d) shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashni bloklash;
e) shaxsga doir ma’lumotlarini yo‘q qilish;
f) ma’lum maqsadlarda, xususan marketing uchun, qayta ishlashni cheklash;
8.2. Yuqoridagi huquqlarni amalga oshirish uchun Foydalanuvchi Administratorga quyidagi yo‘llardan biri orqali murojaat qiladi:
a) Platforma (texnik yordam xizmati) orqali;
b) elektron pochta orqali: support@chaqqon.uz
8.3. Administrator Foydalanuvchi murojaatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqadi.
8.4. Tibbiy ma’lumotlarga oid so‘rovlar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Foydalanuvchining qo‘shimcha identifikatsiyasini talab qilishi mumkin.
8.5. Foydalanuvchi Administratorga to‘liq bo‘lmagan, ishonchsiz yoki boshqa shaxsga tegishli ma’lumotlarni taqdim etganligi oqibatlari uchun mustaqil javobgar (Oferta 8.10-bandi).
9. MA’LUMOTLARNI LOKALIZATSIYA QILISH VA CHEGARADAN TASHQARIGA UZATISH
9.1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlari, shu jumladan tibbiy ma’lumotlar, faqat O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda saqlanadi va qayta ishlanadi (O‘RQ – 547-sonli Qonunning 27-1-moddasi; Oferta 9.1-bandi).
9.2. Foydalanuvchining tibbiy ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga uzatish faqat Foydalanuvchining alohida aniq roziligi mavjud bo‘lganda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilganda mumkin (Oferta 9.2-bandi).
10. MA’LUMOTLARNI HIMOYA QILISH
10.1. Administrator Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini ruxsatsiz yoki tasodifiy kirish, yo‘q qilish, o‘zgartirish, bloklash, nusxalash, tarqatishdan himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik choralarni ko‘radi (Oferta 8.12-bandi), jumladan:
a) ma’lumotlarni uzatish va saqlashda shifrlash;
b) minimal zarurat tamoyili asosida kirishni nazorat qilish;
d) Shaxsiy kabinetni himoya qilish uchun ikki bosqichli autentifikatsiya;
e) ma’lumotlarni muntazam zaxiralash;
f) axborot tizimlari xavfsizligini davriy tekshirish;
g) xodimlarni ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha muntazam o‘qitish.
10.2. Shaxsga doir ma’lumotlar sizib chiqishi yoki ularga ruxsatsiz kirish holati yuz berganda Administrator:
a) qonunchilikda belgilangan muddatlarda vakolatli davlat organlarini xabardor qiladi;
b) ta’sirlangan Foydalanuvchilarni voqea aniqlangan paytdan boshlab 72 (yetmish ikki) soatdan oshmagan oqilona muddatda xabardor qiladi;
d) hodisa oqibatlarini bartaraf etish choralarini darhol ko‘radi;
e) ichki tergov o‘tkazadi va takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘radi.
11. COOKIE VA KUZATISH TEXNOLOGIYALARI
11.1. Administrator Oferta 8.6-bandida nazarda tutilgan hamda quyida ko‘rsatilgan maqsadlarda “cookie” texnologiyasidan foydalanish huquqiga ega.
11.2. Foydalaniladigan cookie turlari:
a) zaruriy – Platformaning ishlashi uchun majburiy (avtorizatsiya, sessiya);
b) funksional – Foydalanuvchi sozlamalarini (til, hudud) eslab qoladi;
d) tahliliy – Platformadan foydalanishning anonim statistikasini yig‘adi;
e) marketing – faqat Foydalanuvchi roziligiga asosan qo‘llaniladi.
11.3. Foydalanuvchi brauzer sozlamalari orqali cookie fayllarini bloklashi yoki o‘chirishi mumkin; zaruriy cookie o‘chirilganda Platformaning ayrim funksiyalari ishlamasligi mumkin.
12. VOYAGA YETMAGAN SHAXSLARNING MA’LUMOTLARINI QAYTA ISHLASH
12.1. Bitta Foydalanuvchi o‘zi qonuniy vakili bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun 3 (uch)tadan ko‘p bo‘lmagan Shaxsiy kabinet yaratishi mumkin (Oferta 2.10-bandi).
12.2. Voyaga yetmagan uchun Shaxsiy kabinet yaratishda Foydalanuvchi o‘zining qonuniy vakili (ota-ona, vasiy yoki homiy) ekanligini tasdiqlashi, voyaga yetmaganning shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik berishi va uning nomidan tibbiy aralashuvga ixtiyoriy va ogohlantirilgan rozilik berish vakolatiga ega ekanligini kafolatlashi shart. Administrator ushbu maqomni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.
12.3. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishda qonuniy vakilning ishtiroki majburiy; 14–17 yoshdagi o‘smirlar uchun ularning o‘zlari tomonidan ham rozilik tasdiqlanishi talab qilinadi.
12.4. Foydalanuvchi voyaga yetmaganning qonuniy vakili roziligisiz uning shaxsga doir ma’lumotlarini Administratorga taqdim etganligi uchun mustaqil va to‘liq javobgar (Oferta 6.5-bandi).
12.5. 18 yoshga to‘lmagan shaxsning ma’lumotlari uning qonuniy vakilining tegishli roziligisiz qayta ishlanganligi aniqlansa, Administrator bunday qayta ishlashni darhol to‘xtatadi va tegishli ma’lumotlarni o‘chiradi.
13. UCHINCHI TOMON SAYTLARI VA XIZMATLARI
13.1. Platformada uchinchi tomon xizmatlariga (to‘lov tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar va h.k.) havolalar bo‘lishi mumkin; ularning o‘z maxfiylik siyosati mavjud bo‘lib, Administrator ularning mazmuni uchun javobgar emas.
13.2. Uchinchi tomon havolasiga o‘tishdan oldin tegishli resursning maxfiylik siyosati bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi.
14. SIYOSATGA O‘ZGARTIRISH KIRITISH VA NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI
14.1. Administrator Foydalanuvchi bilan oldindan kelishmasdan ushbu Siyosat shartlarini bir tomonlama o‘zgartirish huquqiga ega. O‘zgartirilgan shartlar ular kuchga kirishidan kamida 30 (o‘ttiz) kalendar kun oldin Platformada e’lon qilinadi (Oferta 13.2-bandi). O‘zgartirishlar kuchga kirganidan keyin Platformadan foydalanishni davom ettirish ularni Foydalanuvchi tomonidan so‘zsiz qabul qilinganligini bildiradi.
14.2. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash bilan bog‘liq nizolarni hal qilish tartibi Oferta §13-bandida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi:
a) Foydalanuvchi nizo yuzaga kelgan sanadan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kun ichida support@chaqqon.uz manziliga yozma da’vo yuboradi; Administrator 15 (o‘n besh) ish kuni ichida javob beradi;
b) da’vo tartibida nizo hal etilmasa va Foydalanuvchi jismoniy shaxs-iste’molchi sifatida chiqsa – u Administrator joylashgan joy bo‘yicha Shayhontoxur fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga murojaat qilish huquqiga ega («Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun);
d) Foydalanuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tijorat nizosi bilan chiqsa – nizo Toshkent shahar Iqtisodiy sudida ko‘rib chiqiladi.
14.4. Ushbu Siyosatning turli tillardagi matnlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda, o‘zbek tilidagi matn ustunlikka ega bo‘ladi (Oferta 13.3-bandi).
15. ADMINISTRATOR REKVIZITLARI
“CONSCIOUSNESS” MChJ
STIR: 312759504
Yuridik manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, “Universitet” MFY, Farobiy ko‘chasi, 332a-uy
Hisob raqam: 2020 8000 1073 9777 4001
Bank: OPERU AO “OCTOBANK”, MFO: 00980
Elektron pochta: support@chaqqon.uz
Foydalanuvchilar uchun “Chaqqon Med” platformasi Maxfiylik siyosati.
© 2026 “Consciousness” MChJ. Barcha huquqlar himoyalangan.